2026 yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteriga tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida 53 nafar diplomatik korpus vakillarini Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov farmatsevtika sohasiga bag‘ishlangan batafsil taqdimot bilan kutib oldi. Taqdimotda so‘nggi yillarda mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan islohotlar, qabul qilingan muhim qarorlar, yaratilgan qulay investitsion muhit hamda erishilgan amaliy natijalar atroflicha yoritib berildi.
Elchilar “Tashkent Pharma Park” hududida joylashgan farmatsevtika muzeyi, kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etilgan ko‘rgazma zali, shuningdek Farmatsevtika texnika universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shu bilan birga, sanoat zonasida amalga oshirilayotgan jadal qurilish ishlari, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha rejalar ham mehmonlar e’tiboriga havola etildi.
Muloqot jarayonida diplomatik korpus vakillari O‘zbekiston va xorijiy davlatlar farmatsevtika sanoati o‘rtasida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim ko‘prik vazifasini bajarishlarini, sohani barqaror rivojlantirish uchun doimiy va tizimli hamkorlik alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
O‘z navbatida, Agentlik direktori diplomatik vakolatxonalar rahbarlaridan o‘z faoliyatlari davomida mamlakatimiz farmatsevtika sohasining imkoniyatlari, mavjud salohiyati va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng targ‘ibot olib borish, xorijiy investorlar va hamkor tashkilotlarning qiziqishini yanada oshirishga ko‘maklashishni so‘radi. Shuningdek, tomonlar o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qator xorijiy davlatlarda ta’lim va ishlab chiqarish sohalarida manfaatdor tashkilotlar o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
Mazkur tashrif O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, tashqi hamkorlikni kengaytirish hamda “Tashkent Pharma Park” klasterining investitsion va ilmiy salohiyatini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.