Joriy yilning 30 oktyabr – 1 noyabr kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida jahon tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi nufuzli anjumanlardan biri – 27-Azerbayjon xalqaro tibbiy innovatsiyalar ko‘rgazmasi “MEDINEX 2025” o‘z ishini boshladi.
Mazkur ko‘rgazma Ozarbayjonda tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasidagi yagona va eng yirik kompleks tadbir hisoblanib, u butun dunyo bo‘ylab faoliyat yuritayotgan ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, innovatsiya mualliflari hamda sohadagi yetakchi mutaxassislarni bir maydonga jamlaydi.
Bu yil ilk bor Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan O‘zbekiston “Made in Uzbekistan” milliy stendi bilan ishtirok etmoqda. Milliy stend orqali mamlakatimiz farmatsevtika va tibbiyot sohasida erishilayotgan yutuqlar, ilg‘or texnologiyalar hamda eksportbop mahsulotlar xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etilmoqda.
Ko‘rgazmada O‘zbekistondan "Jurabek Laboratories", "Dentafill Plyus", "Zuma Pharma", "Doraline Pharma", "Perfectfoodlab", "Elastikum", "Nest Med Tech", "Soft Vitamin Business", "Agro-Ziyo" va "Chori Plast" kabi yetakchi kompaniyalar tomonidan dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar, tibbiy jihozlar, oziq-ovqat va kosmetik mahsulotlar uchun innovatsion yechimlar, shuningdek, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki mamlakat farmatsevtika sanoatining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, yangi hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.