Toshkent Pharma Parkda “Abu Ali ibn Sino: Sharq durdonasi – jahон merosi” an’anaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir buyuk alloma Abu Ali ibn Sino tavalludining 1045-yilligiga, “Tib qonunlari” qo‘lyozmasi yaratilganligining 1000-yilligiga hamda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi tashkil etilganligining 30-yilligiga bag‘ishlandi.
Anjuman Sog‘liqni saqlash vaziri A. Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tadbirda shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori A. Azizov, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori A. Temirov, Ibn Sino jamoat fondi hamda O‘zbekiston Xalq tabobati akademiyasi mutasaddilari ishtirok etdilar.
Konferensiyada yurtimiz olimlari va mutaxassislari bilan bir qatorda AQSH, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Polsha, Shveytsariya, Hindiston, Singapur, Indoneziya, Iordaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 300 dan ortiq etakchi olimlar hamda xalqaro ekspertlar qatnashdi.
Anjumanda tibbiyot va farmatsevtika sohalaridagi dolzarb ilmiy-nazariy masalalar, dori vositalari xavfsizligi, sog‘liqni saqlashda innovatsiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.